Vulva va qin kasalliklar

Vulvit - tashqi jinsiy a'zolar (vulva) yallig'lanishi bo'lib, tashqi jinsiy a'zolarda qichish, achishish, ba'zan umumiy behollik kuzatiladi. Bu holat ko'pincha qin ajralmalaridagi patogen mikroorganizmlar sababli kelib chiqib, qinning zararlanishi - vulvovaginit bilan birga kechadi.

Bartolinit - qin oldi katta bezining yallig'lanishidir. Yallig'lanish jarayoni bezning chiqaruv yo'lini yopilib qolishiga va abstsess rivojlanishiga olib keladi.
Belgilari: zararlangan tomonda katta va kichik jinsiy lablarning quyi qismlarida shish va giperemiya, qinga kirish joyini to'sib qo'yuvchi og'riqli hosila. Bartolin bezi kistasi o'z-o'zidan yo'qolishi mumkin. Abstsessning erta bosqichlarida antibiotiklar samaralidir yoki o'zi yorilishi mumkin. Bundan boshqa hollarda zudlik bilan ginekologga jarrohlik amaliyoti o'tkazishga yuboriladi.

Vulva distrofiyasi ko'pincha ayollarda menopauza vaqtida kuzatiladi.
Belgilari: qichish, terisi atrofiyaga uchragan, ba'zan oq pilakchalar aniqlanadi (leykoplakiya). Ginekologga biopsiya olish uchun yo'llanadi.

Davolash: giperplastik distrofiyada steroidlar mahalliy qo'llaniladi, gipoplastik distrofiyada estrogenlar yoki testosteron mahalliy qo'llaniladi. Atipik hujayralar aniqlansa - jarrohlik amaliyoti o'tkaziladi.

Atrofik vaginit qinda og'riq, dispareuniya, kontaktli qon ketish bilan ifodalanadi. Qinning shilliq qavati - oqargan va quruq. Estrogenlarni mahalliy qo'llash samaralidir, shu bilan birga o'rin bosuvchi gormonal terapiya o'tkazish mumkin.

Qindan ajralmalar

Hamma ayollarda qindan oq rangli, havoda sarg'ayadigan, fiziologik ajralmalar keladi. Ajralma miqdori hayz sikli, jinsiy faollik, KOK ishlatish, yoshi, ruhiy zo'riqish va homiladorlikka bog'liq. 95% hollarda UAV o'z faoliyatida quyidagi sababli ajralmalarni uchratadi: bakterial vaginoz; kandidozli vaginit; trixomonadali vaginit, servitsitlar (gonokokkli, xlamidiyali yoki gerpesli).

Shikoyatlari: qichishish, qo'lansa hidli ajralmalar, vulva shishi va ta'sirlanganligi, qorin pastki qismi va oraliqda og'riq, dispareuniya, hayzda qon ko'p ketishi, hayz oralig'ida qon ketishi, isitma.

Ko'rikda - qorin pastki qismi sezuvchanligi oshishi, bimanual ko'rikda og'riq, bachadon bo'yni eroziyasi yoki kontaktli qon ketishi, ajralmalar.

Tekshiruv: ajralmalar tahlili va ekish, bachadon bo'ynidan surtma tahlili.

Bakterial vaginoz

Qin florasida laktobatsillar o'rnini shartli-patogen anaerob mikroflora (gardnerella, anaeroblar, mikoplazmalar) egallashi sababli rivojlangan klinik sindrom. Vaqtidan ilgari tug'ruq, xorionamnionit, kichik tos a'zolari yallig'lanish kasalliklari, tug'ruqdan yoki abortdan keyingi endometrit rivojlanishiga olib keluvchi omildir.
Asosiy shikoyati: qindan kul rangli, qo'lansa («baliq hidi») ajralmalar. Qichishish, achishish, jinsiy aloqa vaqtida diskomfort bo'lishi mumkin.

Davolash: 50% hollarda o'z-o'zidan tuzalish kuzatiladi. Birinchi qator tanlov preparati: metronidazol - bir marta 2 g yoki 7 kun davomida kuniga 2 marta 400-500 mg dan ichishga, yoki 5 kun davomida 5 g dan intravaginal qo'llaniladi. Klindamitsin – hafta davomida 2 %li kremi 5 g tunga qin ichiga yoki 300 mg dan kuniga 2 marta ichishga. Jinsiy sherikni davolash shart emas.

Kandidoz vaginit

Teri va shilliq qavatlarni zararlantiruvchi zamburug'li yallig'lanish kasalligi.
Xavf omillari: surunkali kasalliklar, o'smalar, qandli diabet, avitaminozlar, keng ta'sir doirali antibiotiklarni uzoq vaqt qabul qilish (teri va qinning shilliq qavati me'yoriy mikroflorasini buzadi). Ayollarda tashqi jinsiy a'zolar kandidozi (vulvit) yoki vulvovaginit ko'p uchraydi. Kasal¬lik tashqi jinsiy a'zolarda qichishish, achishish, qindan oq rangli ajralmalar kelishi, jinsiy aloqa vaqtida kuchli og'riqlar bilan ifodalanadi.

Davolash. Birinchi qator preparati: mikonazol (qin suppozitoriylari) - 3 kun davomida 200 mg dan 1 marta yoki klotrimazol (qin tabletkalari) 100 mg dan kuniga 2 marta 3 kun, yoki flukonazol 150 mg ichishga. Yuqori samarali vositalar - 14 kun davomida ketokonazol 200 mg dan kuniga bir marta qabul qilinadi.

Trixomonadali vaginit.
Belgilari: qindan ko'p miqdorda, och-yashil rangli, yiringli, qo'lansa hidli ajralmalar, qin va vulva shishi va qizarishi. Jinsiy sheriklarning har ikkalasi davolanadi, metronidazol - bir marta 2 g ichish yoki 7 kun davomida 500 mgdan kuniga 2 marta ichish , tayinlanadi.

BOSH SAHIFA